TOShKENT, 26-iyun - Sputnik. Narkotik vositalar transportirovkasi, davlat chegarasini noqonuniy yuk bilan kesib o‘tish oson ish emas. Shu bois, kontrabandistlar yildan-yilga inson xayoliga kelmagan usullarni o‘ylab topishga harakat qilishadi.
O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda narkotik moddalarni havo yo‘llari, pochta jo‘natmalari, shuningdek, chegara postlari orqali avtomobil o‘rindiqlari g‘ilofi ostiga yashirgan holda olib o‘tishga urinishlar ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Havo yo‘llari orqali narkotik vositalarni o‘zidan jonli konteyner sifatida foydalangan, ya’ni yutgan holda olib o‘tishga urinishlar ham uchramoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning 5 oyi mobaynida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 1474 ta, xususan, narkotik moddalarni O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq 58 ta, tarkibida narkotik moddalari bor o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 336 ta, narkotik moddalarni olib o‘tish bilan bog‘liq 538 ta, narkotik moddalarni saqlash bilan bog‘liq 531 ta jinoiy holatlar aniqlangan.
O‘zbekistonda 2018-yilda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni amalga oshirganligi uchun ushlangan shaxslarning 46 nafarini chet el fuqarolari tashkil etgan. Ular Afg‘oniston (15), Qozog‘iston (10), Tojikiston (7); Rossiya (5); Qirg‘iziston (5); Armaniston (1); Fransiya (1); Italiya (1); Koreya (1) fuqarolaridir. Ulardan jami 190,6 kg giyohvand moddalar musodara qilingan.