Shavkat Mirziyoyev Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi

Prezident Kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli, besh yulduzli Hilton mehmonxonasini ham kirib ko‘rdi.
Sputnik

TOShKENT, 25-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyun kuni Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.  

Xabarda aytilishicha, mazkur xalqaro biznes markazi sakkizta lotga ajratilgan holda barpo etilmoqda. Shu paytgacha 7 million kub metr tuproq ishlari bajarilib, ellikdan ziyod binoga mustahkam poydevor yaratildi. Bugungi kunda beton karkaslar va devorlar qurish, muhandislik tarmoqlari tortish ishlari olib borilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi

Kongress-xoll va Hilton mehmonxonasi qurilayotgan 5-lot eng ilg‘or maydonlardan biri. Ushbu binolarda temir-beton, metall konstruksiya va tom yopish ishlari yakunlangan bo‘lib, qurilish hajmining sakson foizdan ziyodi bitgan. Hozirda elektr tarmoqlarini montaj qilish, ichki pardozlash va mexanika ishlari bajarilmoqda.

Prezident Kongress-xollga tutash qurilgan 21 qavatli, besh yulduzli Hilton mehmonxonasini ham kirib ko‘rdi. Shu yerda mahalliy va xorijiy investorlar bilan suhbatlashdi.

Shavkat Mirziyoyev Tashkent City qurilish maydoniga tashrif buyurdi

Davlat rahbari Kongress-xoll va mehmonxonada yuqori darajada xizmat  ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, muntazam daromad topishni ta’minlash, hududda barpo etiladigan istirohat bog‘ida o‘zbekistonliklar va turistlar uchun keng sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.