Qozog‘istonda 20 nafar xorazmliklarning pasporti olib qo‘yildi

Zavod egasi ularga maosh bermagan va pasportlarni qaytarishni rad qilgan.
Sputnik

TOShKENT, 24-iyun – Sputnik. Bosh konsulxona Qozog‘istonda 20 nafar o‘zbekistonliklarning pasporti olib qo‘yilishi holatini o‘z nazoratiga oldi.Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekistonning Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yil 23-iyun kuni Bosh konsulxona xodimi ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaatni tekshirish uchun Olma-ota viloyati Jambil tumani Minboyev qishlog‘iga borgan.

Voqea joyida aniqlanishicha, Xorazm viloyatidan bo‘lgan 20 nafar O‘zbekiston fuqarolari mart oyining boshida fuqaro Z.ning ma’lumotiga binoan g‘isht zavodida ishlash uchun Qozog‘istonga kelgan. Ularning milliy pasportlari vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish va mehnat ruxsatnomasini rasmiylashtirish bahonasida olib qo‘yilgan.

Shvetsiyada ijaradagi kvartirada o‘zbekistonlik vafot etdi

“Zavod egasining maosh bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagani va pasportlarni qaytarishni rad qilgani munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishgan”, - deyiladi xabarda.

Xorijlik fuqarolarni noqonuniy ishga yollash fakti bo‘yicha ish ochilgan, O‘zbekiston fuqarolari esa Qaskelen shahri 1-son qabul qilish-tarqatish joyiga vaqtincha joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, bugun, 24-iyun kuni sud bo‘lishi kutilmoqda. Vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan.

Shu munosabat bilan Konsullik-huquqiy departamenti chet elga ketayotgan fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatni hech qanday vaziyatda begona shaxslarga bermaslikni yana bir bor qat’iy tavsiya qilgan hamda Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (tel.: +7-717-295-42-52) va Olma-ota shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +7-727-291-11-78) murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan.