Qo‘qonda davlat-xususiy sherikchilik asosida universitet ochiladi

“Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amaldagi mavjud ta’lim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi”, - deyilgan hujjatda.
Sputnik

TOShKENT, 24-iyun – Sputnik. Qo‘qon universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumat qarori umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Toshkentda yana bir xorijiy universitet tashkil etiladi

“Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “Da Vinci” MChJning  Qo‘qon shahrida davlat-xususiy sherikchiligi asosida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi Qo‘qon universitetini  tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin”, - deyilgan loyihada.

Universitet faoliyatining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari:

Universitetda O‘zbekiston oliy ta’lim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining oliy ta’lim dasturlarini joriy etish;

respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash;

xorijning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;

o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;

ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;

Milliy universitet hududida obodonlashtirish boshlandi

ta’lim jarayoniga xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb etish;

professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning malakaviy amaliyotini yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;

universitetni zamonaviy laboratoriyalar, zamonaviy o‘quv va ilmiy adabiyotlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash.

Loyihada qayd etilishicha, 2023-yil 1-yanvarga qadar universitet barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan; universitetga jalb etiladigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar yagona ijtimoiy to‘lovni va jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqni to‘lashdan; olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, kompyuter texnikasi, elektron doskalar, proyektorlar, multimedia mahsulotlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.