TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. IIBB fuqaro avtomobiliga zarar yetkazgan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazadi, deb xabar qilmoqda boshqarma matbuot xizmati.
“Ayni damda IIB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda. Toshkent shahar IIBB o‘z xodimining ushbu nojo‘ya hatti-harakati uchun uzr so‘raydi.”, - deyilgan IIBB xabarida.
19 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda forma kiygan kishi “Kaptiva” avtomobilining chap old qanoti va orqa eshigini qandaydir predmet bilan chizgani aks etgan video tarqalgan edi.
IIBB o‘tkazgan tekshiruv natijasida voqea 17-iyun kuni soat 08:10 da sodir bo‘lgani aniqlandi. Yashnobod tuman IIBB xodimi “Matiz” avtomobilida ishga ketayotib noto‘g‘ri parkovka qilingan “Kaptiva” avtomobili tufayli yo‘ldan o‘tib keta olmagan.
IIB xodimi aytishiga qaraganda, ushbu avtomobil egasi E.B. noto‘g‘ri parkavka qilmaslik haqida oldin ham bir necha bor ogohlantirilgan.
Shuningdek, IIBB haydovchilardan o‘zaro hurmat saqlashga, avtomobilni boshqalarga, ayniqsa piyodalarga noqulaylik tug‘dirmaydigan qilib parkovka qilishni so‘raydi. Ushbu muammo ko‘p qavatli uylar hovlilarida ayniqsa dolzarb, deyilgan xabarda.