TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. Turkiston viloyati Sariagash tumani sudida 2018-yil yanvar oyida yonib ketgan avtobus egasi Orduxan Mextiyevga nisbatan sud ishi boshlandi.
Guvohlar sudga kelmayapti
Asosiy sud majlisi guvohlar kelmaganligi sababli bir necha bor qoldirildi. Sudya Tasbolat Mashrapov navbatdagi sud majlisiga guvohlarni majburan olib kelish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror ijrosini tuman politsiya va prokuratura xodimlari ta’minlaydi.
Sudya Turkiston viloyatida istiqomat qiluvchi uch nafar guvohni chaqirtirish haqida qaror qabul qildi. Ularning barchasi Aqtobe fojiasi avvalgi sud jarayonida ishtirok etishgan.
Sudlanuvchi tergov izolyatorida
Asosiy sudlanuvchi Orduxan Mextiyev – 52 yo‘lovchi halok bo‘lgan avtobus egasi. Unga Jinoyat kodeksining 348 moddasi 4 qism “transport vositalarini sifatsiz ta’mirlash yoki ularni texnik nosozlarni ekspluatatsiyaga chiqarish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ortiq shaxs o‘limiga olib kelish” bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Bu modda 4-yildan 7-yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazo chorasini nazarda tutadi. 2018-yil yanvarda fojiadan so‘ng Mextiyev darhol qochib, O‘zbekiston hududida tergovdan yashirinib yurgan.
Ichki ishlar vazirligi xalqaro qidiruvga berdi. 2018-yil oxirida Mextiyev O‘zbekiston huquq tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan va Qozog‘iston tomoni so‘roviga asosan Chimkentga deportatsiya qilingan.
Hozirgi vaqtda sudlanuvchi Chimkent 167/11-sonli tergov izolyatorida saqlanmoqda. Sud jarayoni ochiq tarzda o‘tkazilmoqda.
Aqto‘be fojiasi
Qozog‘iston Aqto‘be viloyati Samara-Chimkent trassasida 57 nafar kishi bo‘lgan avtobus yonib ketdi. Yong‘in oqibatida 52 kishi halok bo‘ldi – ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Besh nafar kishi, shu jumladan qozog‘istonlik haydovchilar omon qoldi.
2018 yil noyabrida Qozog‘iston Aqto‘be sudi uch nafar avtobus haydovchisiga hukm chiqardi. Ularga 5-yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Transport kompaniyasining ta’sischisi va mexanigi 3,5 yil ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, halok bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlikning oila a’zolariga 2 million tengi miqdorida tovon puli to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. O‘sha vaqtda avtobus egasi Ordxun Mextiyev qochib ketgani uchun endi sud oldida javob beradi.