Bosh prokuratura Gulistonda rashk tufayli sodir etilgan qotillik tafsilotlarini ochiqladi

26 yoshli qotil tanishining uxlab yotganligidan foydalangan. U o‘zi bilan olib kelgan ip bo‘lagi bilan uning bo‘ynidan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirgan.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. Bosh prokuratura Gulistonda rashk tufayli sodir etilgan qotillik tafsilotlarini ochiqladi.

Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, Mirzaobod tumanida yashovchi fuqaro A.I. (1993 y.t.) 15-iyun kuni ilgaridan o‘ziga tanish bo‘lgan O‘.A.ni rashk  qilgan. Oqibatda qizning uxlab yotganligidan foydalanib, o‘zi bilan olib kelgan ip bo‘lagi bilan uning bo‘ynidan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirgan. So‘ngra bo‘ynida bo‘lgan tilla zanjir, 1 juft tilla zirak, plastik kartochkasi va Samsung Galaxy rusumli uyali telefonini qo‘lga kiritgan.

Rashk qurboni: Gulistonda 21 yoshli ayolning jasadi topildi

“Jinoyatning gumon qilinuvchi A.I. tomonidan sodir etilganligi uning iqrorlik arizasi, ko‘rsatuvlarini hodisa joyida tekshirish tergov harakatlari, marhumaga tegishli bo‘lgan daliliy ashyolar: plastik kartochkasi, hodisa joyidan olib ketilgan tilla buyumlar, Samsung Galaxy rusumli uyali telefoni, barmoq izlari, guvohlarning ko‘rsatuvlari va boshqa dalillar majmui bilan tasdiqlanmoqda”, - deyiladi prokuratura xabarida.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat qo‘zg‘atildi.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, biroz avval 18-iyun kuni vaqtincha Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida ijarada yashagan 21 yoshli O‘.A. ismli ayolning jasadi qotillik alomatlari bilan uyidan topilgani va qotil qo‘lga olingani xabar qilingan edi.