TOShKENT, 17-iyun – Sputnik. Globallashuv jarayonlari tobora kuchayayotgan hozirgi jarayonda ommaviy axborot vositalari, jumladan, jurnalistlarning yaqin hamkorligi, kasbiy birodarligi, xolisligi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jurnalistlar qo‘lni qo‘lga bersa, ezgu g‘oyalar atrofida birlashsa, dunyo birlashadi, dedi bugun o‘tkazilgan “Millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda OAV roli” anjumanida O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.
Hakimovning aytishicha, bugun ommaviy axborot vositalari zamonga mos shiddat bilan rivojlanib bormoqda.
“Hatto bo‘lib o‘tayotgan jarayonlarni yetkizib ulgurolmayapmiz, ayrim xabarlar hali jurnalistning og‘zidayoq eskirib qolyapti”, - deydi u.
Fuqarolik jurnalistikasi degan bir tushunchalar paydo bo‘layotgani, xususan blogerlar faoliyati haqida to‘xtaldi.
“…Elektron ommaviy axborot vositalari tarmog‘i tobora kengayib bormoqda. Jurnalistlarning yangi zamon tarbiyasini olayotgan behalovat avlodi maydonga kirib kelayapti. Blogerlar o‘zlarini ko‘rsatayapti. Qachon bor edi bloger degani? Blogerlik – erkinlikning dastlabki ifodasi. Lekin buni madaniyati, ma’naviyati (bo‘lishi kerak emasmi), jamiyatga qanday so‘z aytish keragu, qanday so‘zni aytmaslik kerak? Hatto eng oddiy oilada ham aytiladigan va aytilmaydigan so‘z bor. O‘sha aytiladigan so‘z farzand tarbiyasiga ijobiy ta’sir viladi, aytilmaydigan so‘z, uni yomon yo‘llardan, balo-qazodan asraydi”, - deydi Hakimov.
Jurnalistlar uyushmasi raisi o‘z nutqi yakunida jurnalist birinchi bo‘lib xabar yetkazishnigina emas, balki o‘zi bildirayotgan xulosaning qonunga qanchalik mos ekanligiga ham e’tibor qaratishi lozimligini eslatib o‘tdi va dunyoga necha-necha buyuk siymolarni bergan xalqning o‘z jurnalistikasi bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratdi.