Toshkent markazida G‘alaba bog‘i barpo etiladi

Toshkent shahrida barpo etiladigan G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi tayyorlandi
Sputnik

TOShKENT, 17-iyun – Sputnik. Toshkentda G‘alaba bog‘i barpo etiladi. Bu “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida” prezident qarori loyihasida bayon etilgan.

Toshkentda G‘alaba parki barpo etiladi

Qaror loyihasiga Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar Dasturi, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi hamda Toshkent shahrida barpo etiladigan G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi ilova qilingan.

“Viloyat markazlarida aholi, shu jumladan o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan hamda Ikkinchi jahon urushi davriga oid instalyatsiyalar, harbiy texnika, tarixiy eksponatlarni o‘z ichiga olgan zamonaviy “Vatanparvarlar” bog‘larini barpo etish hamda g‘alabaning 75-yillik bayrami arafasida ushbu bog‘larni tantanali ravishda ochilishi ta’minlasin”, - deyilgan hujjat loyihasida.

Toshkentda "G‘alaba" - bog‘ majmuasi yaratiladi

Shuningdek, hujjat loyihasida aytilishicha, bir oy muddatda Toshkent shahrida barpo etiladigan g‘alaba bog‘ining markaziga “Matonat madhiyasi” deb nom oladigan, Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab o‘rnatiladigan yodgorlik majmuasi loyihasini yaratish ko‘zda tutilgan.

“O‘tgan urushli kunlarni abadiy yod etish, xalqimizning fidoyi va insonparvarlik xususiyatlarini to‘liq anglash va ota-bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va fidoyi insonlari, xususan jafokash onalarini e’tirof etish maqsadida G‘alaba bog‘ini barpo etish maqsadga muvofiqdir”, - deyilgan konsepsiya loyihasida.