Mirziyoyev Putin bilan qaysi dolzarb masalalarni muhokama qildi?

Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Sputnik

TOShKENT, 17-iyun – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezidentlar joriy yil 14-15 iyun kunlari Bishkek va Dushanbe shaharlarida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti tadbirlari yakunlari yuzasidan fikr almashdilar.

ShHT davlat rahbarlari 21 ta hujjatni imzolashdi

“Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqildi”, - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ustuvor loyiha va dasturlarni, jumladan, joriy yil 30-may kuni Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya birinchi majlisida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Xabarda davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb masalalarni ham muhokama qilganlari qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 14-15 iyun kunlari Bishkek va Dushanbe shaharlarida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.