TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumanida daraxtlarni noqonuniy kesgan shaxsga chora ko‘rildi.
Hokimlik matbuot xizmatning ma’lum qilishicha, 12-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumani 12-mavzedagi 25-uyning orqa tomonida daraxtlarning kesilayotgani haqidagi xabar e’lon qilingan. Toshkent shahar hokimligi va shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, bu yerdagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan. Bu ishni amalga oshirgan davlat raqami 01/ G 365 HA bo‘lgan avtotransport egasi voqea joyidan zudlik bilan g‘oyib bo‘lgan. Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi qidiruv bo‘limi tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida avtotrasport vositasi ushlanib, vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qonunbuzarlik Z.Soliyev tomonidan amalga oshirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki surishtiruv va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-yanvardagi 43-sonli qaroriga asosan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 162-moddasiga muvofiq, bu yo‘nalishdagi huquqbuzarlikka jarima chorasi qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima miqdori oshirilgan edi.