TOShKENT, 14-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” hukumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-sonli qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan.
Nizomning 14-bandi, YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarish majburiyati qismiga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shish taklif qilingan: “o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilgan yo‘l harakati qatnashchilariga ushbu ma’lumotlarni Internet jahon axborot tarmog‘iga o‘zining ruxsatisiz tarqatishi mumkin emasligini tushuntirish”.
Nizomning 19-bandi - yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda majburiyatlar qismiga “o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan o‘zaro munosabati qayd qilingan ma’lumotlarni Internet jahon axborot tarmog‘iga ruxsatsiz joylashtirmaslik” degan mazmundagi xatboshi qo‘shish taklif qilingan.
Qaror loyihasi 29-iyulgacha muhokama qilinadi.