O‘zbek uzumi va gilosi endilikda Misr bozorlarini zabt etishni boshlaydi

O‘zbek uzumi va gilosi endi Misr bozorlarida ham sotiladi
Sputnik

TOShKENT, 13-iyun - Sputnik. O‘zbek uzumi va gilosi endi Misr bozorlarida ham sotiladi.

“Dunyo” nashrining ma’lum qilishicha, bunga mamlakatning Qohiradagi elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat o‘simlik karantini inspeksiyasi va Misr qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligining Markaziy o‘simlik karantini boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik natijasida erishilgan.

Mazali gilos va uzum: O‘zbekiston mevalari dunyo bozorini zabt etmoqda – Bozorov

"O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan uzum va gilos mahsulotlarini Misr bozoriga olib kirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida Sizni xabardor qilishdan mamnunmiz", deyilgan Markaziy o‘simlik karantini boshqarmasi rahbari Ahmad al-Attarning mamlakatning Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini inspeksiyasi boshlig‘i Ibrohim Ergashevga yo‘llagan maktubida.

Kuni kecha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyatda yetishtirilgan mevalar ilk bor Angliya va Hindistonga eksport qilinganini xalqaro investitsiya forumda ma’lum qilgan edi. Namangan hokimining so‘zlariga ko‘ra, viloyatida 24 ming gektar mevali bog‘lar,9 ming gektar uzumzorlar mavjud. O‘tgan yilning o‘zida 750 ming tonna sabzavot, 250 ming tonna meva, 107 ming tonna uzum yetishtirildi.

Eslatib o‘tamiz, Misr prezidentining 2018-yil sentabr oyida Toshkentga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan edi. Hujjatda O‘zbekistondan ho‘l, quritilgan va muzlatilgan meva va sabzavotlarni Misr bozoriga eksport qilish uchun karantin ruxsatnomasini olish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.