TOShKENT, 11-iyun – Sputnik. Rossiya prezidentining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Tatyana Moskalkova Vladimir Putinga bergan hisobotida sobiq SSSR aholisi Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi kerak dedi.
“Ombudsmeni so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolari kategoriyasini kengaytirish kerak. Sobiq SSSR hududida yashagan, rus tilini biladigan va kundalik hayotda rus tilidan foydalanayotgan fuqarolarga – “rus tili sohiblari” maqomini va soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish imkonini berish kerak”, - deyilgan xabarda.
Shu bilan birga ombudsmen huquqni himoya qilish tashkilotlarining prezidentga iltimosini ham yetkazdi. Ular Putindan “Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingan shaxslar” ishini tezkorlik bilan hal qilishni so‘rashmoqda. Biroz oldin Rossiya IIV tekshiruvlar o‘tkazib, bir necha yil oldin berilgan Rossiya pasportlarini noqonuniy deb e’lon qilgan edi.
Ombudsmen fikriga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olish jarayonidan “vaqtincha yashashga ruxsatnoma olish” bosqichini mustasno qilsa ham bo‘ladi. Chunki ushbu bosqich “Yashashga ruxsatnoma olish” bosqichi bilan bir xil.
Ma’lumot uchun, Statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2019-yildan boshlab Rossiyada aholi soni o‘sishi to‘xtaydi. Bunga sabab - balog‘at yoshiga yetuvchilar soni kamayishidir. Hozir balog‘at yoshiga yetayotgan fuqarolar 1990-yillarda tug‘ilgan bolalar. O‘sha yillarda Rossiyada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat og‘ir bo‘lgani tufayli tug‘ilishlar soni keskin kamayib ketgan edi. Ushbu munosabat bilan Rossiya prezidentiga kamayayotgan aholi sonini qisman migratsiya hisobiga to‘ldirish taklif qilinmoqda.