SSV: shifokorga kuch ishlatganlik uchun jazo kuchaytirilishi lozim

Fuqaro shifokor homilador ayolni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan bo‘lishiga qaramay, bolasini ko‘rishini aytadi. Haqoratli so‘zlar bilan po‘pisa qilib, shifokorga tahdid qilgan va hattoki urmoqchi bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 11-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan Navoiy viloyatining Navbahor tumanida shifokorga tahdid qilingani tasvirlangan videoga o‘z munosabatini bildirdi.

“Jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning ko‘payib ketayotganini hisobga olib, ushbu illatning oldini olishni eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish, huquq-tartibot organlari tomonidan zarur choralar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz”, - deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova

Tibbiyot xodimlariga qarshi tajovuz uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

Aniqlanishicha, 2019-yil 16-yanvar kuni soat 23:00 larda Navoiy viloyati Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limida shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi navbatchi terapevt shifokori A.E.ga Navbahor tuman “Arabxona” MFYda yashovchi fuqaro I.E 4 oylik farzandining bezovta bo‘lganligi sababli navbatsiz kirib keladi. Shifokor A.E. homilador ayolni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan bo‘lishiga qaramay, bolasini ko‘rishini aytadi. Haqoratli so‘zlar bilan po‘pisa qilib, shifokorga tahdid qilgan va hattoki urmoqchi bo‘lgan. Shifokor A.E. pediatr shifokor emasligi hamda pediatr shifokor bo‘limda boshqa, og‘ir ahvoldagi bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganini tushuntirishga qaramay, fuqaro I. E. janjal qilgan va bolasini shifokorlarga ko‘rsatmasdan uyiga olib ketgan. Bola bugungi kunda sog‘lom, rejali emlashlarni o‘z vaqtida olib kelmoqda hamda hudud shifokorlarining doimiy nazoratida turibdi. 

SSV yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyevning ta’kidlashicha, birgina Resupublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018-yil va 2019-yilning o‘tgan uch oyi davomida 40 dan ziyod tibbiyot xodimlariga bemor  va bemor qarindoshlari tomonidan tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi kaltaklangan shifokor voqeasiga munosabat bildirdi

“Ularning aksariyati bo‘yicha huquq-tartibot organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lsada, hamon yetarli chora ko‘rilmagan holatlar ham mavjud. Jumladan, Markazning Surxondaryo viloyat filiali pediatriya bo‘limida shifokor G.M.ni tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan bemorning onasi urgan. Shuningdek, Xorazm viloyat filialida 103 chaqiruvida bemor ko‘rigi vaqtida shifokor T.Q.ni bemorning otasi mast holda urgan. Har ikki holat bo‘yicha tegishli organlarga xabar berilgan bo‘lsa-da, hozircha chora ko‘rilgani yo‘q. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin”, - deydi u.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Navbahor tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 29-yanvarida Sog‘liqni saqlash vazirligi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga tibbiyot xodimiga bemor yoki uning qarindoshlari tomonidan tajovuz qilish yoki tan jarohati yetkazish kabi qilmishlarni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan kvalifikatsiya qilib, ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholashni belgilaydigan qonun loyihasini joylashtirgan edi.