Jahonning eng yosh shaxmatchisi kursantlar bilan dona surdi

Jahonning eng yosh grossmeysteri sifatida tan olingan Nodirbek Abdusattorov kursantlar uchun mahorat darsini o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov kursantlar bilan dona surdi.

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi ilk bor Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni bo‘ldi

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining Sputnik muxbiriga xabar qilishicha, 13 yoshidayoq jahonning eng yosh grossmeysteri sifatida tan olingan Nodirbek Abdusattorov O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlari uchun mahorat darsini o‘tgan.

Avvaliga shaxmatchi va kursantlar o‘rtasida davra suhbati o‘tkazilib, kursantlar Nodirbekning faoliyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.

“Shundan so‘ng yosh grossmeyster kursantlar bilan dona surdi. Professional shaxmatchi o‘z tajribasini namoyon etib, yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi”, - deyiladi xabarda.

“Nodirbek shahmat bo‘yicha jahon chempioni. FIDE ustasi. 2012-yil Sloveniyada o‘tkazilgan jahon chempionatida va 2014-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medal bilan taqdirlangan. 2017-yil xalqaro turnirda uchinchi bor xalqaro grossmeyster talabini bajardi. Iqtidorli yosh sportchining bu muvaffaqiyati jahon shaxmat olami tarixida ikkinchi natija, deya e’tirof etildi”, — deydi Nodirbekning murabbiyi, xalqaro grossmeyster Saidali Yuldashev.