“Nikolay” oltin tangalarini chegaradan olib o‘tishga uringan kishi qo‘lga tushdi

Toshkent viloyatida bojxona posti orqali “Nikolay” tangalarini olib o‘tishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi.
Sputnik

TOShKENT, 7-iyun – Sputnik. Toshkent viloyatida “G‘ishtko‘prik”  bojxona posti orqali “Nikolay” tangalarini olib o‘tishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi.

Rossiya imperiyasi davridagi oltin tangalarni sotganlar qo‘lga tushdi

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro M.M.ning qo‘l yuki belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, nazorat-rentgen apparatida shubhali tasvirlar aks etdi.

Shundan so‘ng, ushbu qo‘l sumkasi xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda ochib ko‘zdan kechirildi.

Natijada, unda bojxona nazoratidan yashirilgan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, qiymati 6 400 000 so‘mlik, vazni 16 grammni tashkil qilgan 2 dona 1898-yilda, 1 dona 1899-yilda va 1 dona 1900-yilda ishlab chiqarilgan “B.M.Nikolay” yozuvli tilla tangalar borligi aniqlandi.

Bundan tashqari ushbu postda yana bir holat aniqlandi. Qozog‘istondan piyoda holda kirib kelgan fuqaro S.Yo.ning harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi. Shundan so‘ng, ushbu fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, unda bojxona nazoratidan yashirilgan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, og‘irligi 172 gramm bo‘lgan, sariq metaldan yasalgan, qiymati 51 600 000 so‘mlik, 3 turdagi zargarlik buyumlari borligi ma’lum bo‘ldi.