TOShKENT, 6-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda o‘zini-o‘zi band qilganlik guvohnomasi joriy etiladi, shu kunlarda yangi tizimga doir hujjat chiqishi kutilmoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevdan olingan ma’lumot asosida.
"Bir-ikki kunda bu hujjat chiqib qoladi. Fuqarolarimizning aksariyati norasmiy mehnat turi bilan band - deylik uyida repetitorlik yoki frilanserlik qilishadi, qurilish ishlarida, qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilishadi va bir martalik ish turlari bilan bandlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Albatta, bu fuqarolarimizga, ular rasmiy sektorga o‘tishlariga imkoniyat berishimiz. Yangi tizim norasmiy sektorda o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarga stajni rasmiy sotib olish imkonini taqdim etadi", - dedi Kudbiyev.
Vazir ushbu yangi tizim mehnat munosabatlari sohasida haqiqiy katta siljish bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ilgariroq respublika "soyadagi" kasb-korlarni legallashtirishni rejalashtirayotgani, chunki mamlakat mehnat bozoridagi asosiy muammolardan biri bu norasmiy sektorda bandlik bo‘lib, unda barcha ishlovchilarning 56%i jamlangani haqida bayonot qilgan edi.