TOShKENT, 5-iyun – Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 4-iyundagi qarori bilan Toshkent shahrida “MEI” milliy tadqiqot universiteti” federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) filiali tashkil etildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash va boshqalar belgilandi. Filial Universitetning alohida tarkibiy bo‘linmasi – oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Filialda ta’lim O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida RFning federal ta’lim standartlariga muvofiq rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham amalga oshiriladi.
Filialning ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi.
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet (RF)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Filialga qabul kvotalari Universitet, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari bilan kelishilgan holda Energetika vazirligi tashkilotlari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarga nisbatan real ehtiyojini inobatga olgan holda tasdiqlanadi.
O‘zbekiston OTM diplomlari Rossiyada tan olinadi
Davlat granti asosida ta’lim olgan Filial bitiruvchilari Vasiylik kengashi tomonidan besh yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish uchun respublika energetika tarmog‘i tashkilotlariga taqsimlanadi.