TOShKENT, 5-iyun – Sputnik. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin davlat tashrifi bilan Rossiyaga keldi.
Xitoy yetakchisining samolyoti “Vnukovo-2” aeroportida soat 12-00 da qo‘ndi.
Mehmonni trap oldida Uzoq Sharqni rivojlantirish bo‘yicha vazir Aleksandr Kozlov, TIV o‘rinbosari Igor Morgulov, Rossiyadagi Xitoy elchisi Li Xuey, Xitoydagi Rossiya elchisi Andrey Denisov va TIV davlat protokoli departamenti direktori Igor Bogdashev kutib oldi.
Xitoy yetakchisi sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.
Davlat tashrifi 5-7 iyun kunlari amalga oshiriladi. Bu Si Szinpinning qayta saylangandan keyin birinchi tashrifi bo‘ladi.
Tashrif dasturida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda energetika, keng fuzelyajli samolyot va og‘ir vertolotlar bo‘yicha qo‘shma loyiha, savdo-moliyaviy aloqalar holati, kosmos va infratuzilma masalalari muhokama qilinadi.
Bu masalalar orasida – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi o‘rtasidagi hamkorlik, Koreya yarim orolidagi vaziyat ham ko‘rib chiqiladi.
Tashrif davomida tomonlar 30 ga yaqin hujjat hamda strategik barqarorlik haqida qo‘shma bayonotni imzolash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Si Szinpin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forum ishida faxriy mehmon sifatida ishtirok etadi va yalpi sessiyada nutq so‘zlaydi.