TOShKENT, 1-iyun - Sputnik. O‘zbekiston mehnat vazirligi fuqarolarni keyinchalik Janubiy Koreyada ishga joylashtirish uchun koreys tili bo‘yicha test sinovidan o‘tkazish tartibidagi o‘zgarishlar haqida ochiq taqdimot o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mazkur o‘zgarishlar korrupsiya va monopoliyaga yo‘l qo‘ymaslik; shaffoflik va jamoat nazorati kabi uch muhim tamoyilga asoslangan.
Nimalar o‘zgardi?
Birinchi, EPS-TOPICka kirish uchun koreys tilini bilish bo‘yicha saralash testlarni o‘tkazish huquqi barcha tadbirkorlik subyektlariga berildi. Mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan Bilimni baholash markazi sifatida akkreditatsiyadan o‘tish zarur. Hozirgi kunda Andijon va Samarqanddan ikkita tashkilot akkreditatsiyadan o‘tdi. Bilimni baholash markazlari ro‘yxati quyidagi manzil bo‘yicha joylashtirilgan:
Ikkinchi, EPS-TOPICka kirish uchun o‘tkaziladigan saralash test sinovlari natijalari 2019-yil 1-iyundan boshlab, dinamik reyting ko‘rinishida ochiq holda test.mehnat.uz saytiga joylashtirib boriladi. Reytingdagi o‘rinlar to‘plangan ballardan kelib chiqib shakllanadi.
Uchinchi, EPS-TOPICka kirish uchun o‘tkaziladigan saralash test sinovlarida foydalaniladigan savollar ochiq holda quyidagi manzil bo‘yicha joylashtirilgan.
To‘rtinchi, EPS-TOPIC test sinovlaridan o‘tgan har bir fuqaro o‘zining Koreya Respublikasida ishga joylashish statusi haqida yangi ishga tushirilgan korea.mehnat.uz sayti orqali ma’lumot olishi mumkin.
Mazkur o‘zgarishlar test o‘tkazish va O‘zbekiston fuqarolarini Koreyada ishga joylashtirish, shuningdek, saralashda hamma uchun birdek sharoit yaratish jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.