TOShKENT, 31-may — Sputnik. O‘zbekistondagi ilk AES Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydonga quriladi.
“O‘zatom” agentligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida O‘zbekiston hududida Atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va mazkur hamkorlik doirasidagi “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etish maqsadida 2018-yilning avgustidan shu yilning mart oyiga qadar AES qurilishi uchun ajratilgan tahminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi amalga oshirildi
Xususan, mazkur yo‘nalishdagi ishlar Navoiy va Buxoro viloyatlarining To‘dakul suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida joylashgan 3 ta maydonda olib borilgan
“Tadqiqotlar natijalari, muhandislik-texnika va iqtisodiy ahamiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida AES qurilishini amalga oshirish loyihasini nazorat qiluvchi Respublika ishchi guruhining qo‘shma majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish Agentligining ilmiy – texnik va ekspertlik kengashi Qarori, shuningdek, mutaxassisilar, xalqaro ekspertlar xulosalariga asoslanib, AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlandi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda tanlangan maydonni tasdiqlash hamda litsenziyalash borasida muhandislik tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi davom ettirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish ishlarini jadallashtirish va loyihaviy yechimlarni ishlab chiqish maqsadida, joriy yilning 17-may kuni “Atomstroyeksport” (“Rosatom” Davlat korporatsiyasining muxandislik bo‘limiga tegishli AJ) bilan tenik loyihani ishlab chiqish uchun muhandislik-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha shartnoma imzolandi, mazkur jarayonning Dasturini ishlab chiqish hamda hodimlar va texnika mobilizatsiyasi (taqsimoti) bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.