Bankomatlar orqali naqd pul olishda foiz to‘lovini chegaralash taklif qilindi

Bankomatlar o‘zlari tegishli bo‘lgan bank plastik kartochkalaridan foiz ushlamasin – degan petitsiya muallifi.
Sputnik

TOShKENT, 31-may – Sputnik. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar veb-portalida bankomatlar orqali naqd pul olinganda foiz to‘lovini chegaralash to‘g‘risida petitsiya joylashtirildi.

Bankomatlar orqali naqd pul yechib olish hajmi 50 baravar oshdi

Petitsiya muallifiga ko‘ra, hozirda plastik kartadagi pulni naqdlashtirish jarayonida to‘lov  1 foiz etib belgilangan. Agarda 1 mln. so‘m naqd pul naqdlashtirsa, unda 10 ming so‘m qo‘shimcha haq olib qolinadi. Boshida tekin bo‘lgan bu amaliyot ayni vaqtda 1 foiz etib belgilandi.

“Bank muassasalari buni bankomatga ketadigan xarajatlar: internet, texnik ta’minot, nazorat qilish kabi xarajatlarni qoplash uchun olinadi deb tushuntirishdi. Mayli, bankning o‘z xarajatlari borligini tushungan holatda 1 foizga qarshilik yo‘q, lekin qancha ko‘p pul yechib olsangiz shuncha ko‘p mablag‘ yo‘qotasiz. Agarda siz 5 mln. so‘m naqdlashtirsangiz, 50 ming, 10 mln. so‘m naqdlashtirsangiz, 100 ming so‘m yo‘qotasiz. Boshqacha aytganda, qancha ko‘p naqdlashtirsangiz, shuncha zararga tushasiz! Bu masalani ko‘rib chiqish va aholiga qulayliklar yaratish kerak”, - deb yozgan muallif.

Petitsiyada quyidagilar taklif qilindi:

birinchidan, bankomat orqali 1 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ yechilganda, 10 ming so‘mdan (ya’ni 1 mln.ni 1 foizi) ko‘p foiz ushlanmaslik;

ikkinchidan, agar foydalanuvchi bir oy davomida bankomatdan pul naqdlashtirsa, qaysi bankomatdan pul naqdlashtirganidan qat’iy nazar faqat 1-martagina foiz ushlash;

uchinchidan, qancha ko‘p pul yechilsa, foiz to‘lovi shuncha kamayib borish (1 mln. gacha 1 foiz, 5 mln. gacha 0,5 foiz va h.k.);

to‘rtinchidan, bankomatlar o‘zlari tegishli bo‘lgan bank plastik kartochkalaridan foiz ushlamaslik.