Toshkentda yengil turdagi qurilmalarni joylashtirishga doir qaror loyihasi tayyorlandi

Toshkent shahar hokimligi yengil turdagi qurilmalarni vaqtinchalik joylashtirish tartibiga doir hujjat loyihasini tayyorladi.
Sputnik

TOShKENT, 21-may – Sputnik. “Yengil turdagi qurilmalarni vaqtinchalik joylashtirish uchun ruxsat berish tartibi to‘g‘risida”gi Toshkent shahar hokimi qarori loyihasi tayyorlandi.

Toshkent hokimiga o‘rinbosarlar tayinlandi

Qarorga quyidagilar ilova qilingan:

- yengil turdagi qurilmalarni vaqtinchalik joylashtirish uchun ruxsat berish tartibi to‘g‘risida Nizom;

- yuridik va jismoniy shaxslarning yengil turdagi qurilmalarni vaqtinchalik joylashtirish uchun ruhsat berish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiquvchi ishchi guruh tarkibi;

- yengil turdagi qurilmani vaqtinchalik joylashtirish sxemasi aks ettirilgan namunaviy eskiz loyihasi.

Qarorda aytilishicha, yuridik va jismoniy shaxslarga Toshkent shahri hududida yengil turdagi qurilmalarni vaqtinchalik joylashtirish uchun ruxsat berish Ishchi guruhning bayonnomasi va Qurilish bosh boshqarmasining ijobiy xulosasiga asosan Toshkent shahar hokimligi tomonidan ruxsat beriladi.

Qaror loyihasida “yengil turdagi qurilmalar” iborasiga ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, bu qurilma - yengil konstruksiyalardan barpo etilgan, buzib olib (bartaraf etib) ko‘chirishga imkoniyati mavjud qurilma hisoblanadi.

“Yengil turdagi qurilmalarni bozor atrof hududlari, magistral va shox ko‘chalar hamda shaharning markaziy va mahsus ko‘chalari bo‘yida, jamoat transporti bekatlari va bekatlariga tutashib ketgan hududlarga, yangi mavzelarga hamda chiqindilarni va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinidagi qo‘riqlanadigan muxofaza hududlarida joylashtirishga ruxsat berilmaydi”, - deyilgan qaror loyihasida.

“Ariza beruvchi tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘shimcha ravishda joylashtirilishi rejalashtirilgan yengil turdagi qurilma va uning atrof hududini:

zamonaviy uslubdagi yoritish tizimlari bilan jihozlash;

bepul internet tarmog‘ini (WI-FI) o‘rnatish;

milliy xunarmandchilik yoki zamonaviy dizayndagi o‘rindiklar, chiqindilarni tashlash qutilari, xojatxona (shu jumladan bio xojatxonalar) inshootlarini o‘rnatish;

yengil turdagi obyektning faoliyati davrida elektr energiya, suv va oqava suv xizmatlaridan foydalanishning muqobil va tejamkor turlarini amaliyotda joriy qilish haqidagi reja va takliflarini ham taqdim qilishi mumkin”, - deyilgan hujjatda.