TOShKENT, 20-may – Sputnik. Socar Qashqadaryo viloyatida neft qazib olish hajmini oshiradi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli bitim “O‘zbekneftgaz” AJ va Socar’ning bo‘linmasi – “Neftgaz” tomonidan “O‘zbekiston neft va gazi OGU-2019” 23-Xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida imzolangan.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasining G‘arbiy Toshli va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho‘rtan hamda Garmiston konlarida uglevodorodlar qazib olishni SOCAR kompaniyasi ilg‘or uslublari hamda texnologiyalarini qo‘llagan holda ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikning asosiy shartlari belgilab berilgan.
Xabarda qayd etilishicha, bu “O‘zbekneftgaz” AJning Ozarbayjonga tegishli SOCAR kompaniyasi bilan birinchi shunday loyihasi. “O‘zbekiston neft va gazi OGU-2018” Xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida uni birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvlarga erishilgan. Global neft-gaz kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Xabarda ikki kompaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonda uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish hamda Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan.
O‘tgan yilning may oyida “O‘zbekneftegaz" , BP va SOCAR O‘zbekistonda joylashgan neft va gaz konlarini o‘rganish hamda O‘zbekiston hududida geologik razvedka ishlari olib borish haqida o‘zaro anglashuv memorandumlar imzolangandi.
Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018-yilda 2017-yilga nisbatan neft qazib olish 8,2 foiz, 746,4 ming tonnagacha kamaygan.