Shavkat Mirziyoyevga istiqbolli investitsion loyihalar taqdim etildi

Toshkent mexanika zavodi hududida ishga tushiriladigan 19ta sanoat-investitsion loyihalar  prezidentga taqdim etildi.  
Sputnik

TOShKENT, 20-may - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Toshkent mexanika zavodining hozir foydalanilmayotgan bino va maydonlarida ishga tushiriladigan istiqbolli sanoat loyihalari bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyevga istiqbolli investitsion loyihalar taqdim etildi

Avval berilgan topshiriqlarga muvofiq, Toshkent shahrida amalga oshirish uchun umumiy qiymati 617 million AQSh dollaridan ziyod 19 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalarning barchasi sanoat sohasida bo‘lib, ular natijasida 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Har yili qariyb 1 milliard dollarlik bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 290 million dollardan ziyod eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda elektr o‘chmaydigan bo‘ladi - investitsion loyiha shartlari tasdiqlandi

Loyihalar qo‘shilgan qiymati va mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Keng turdagi maishiy texnikalar, lift va eskalatorlar, nasoslar, suv isitgichlar, qog‘oz va qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, zargarlik va shisha tovarlari shular jumlasidandir.  

Investor va tashabbuskorlar o‘z loyihalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Ushbu korxonalar Toshkent mexanika zavodi bino va maydonlarida 2019-2020 yillar davomida ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2018-yil 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtni yirik ishbilarmonlik markaziga aylantirish, investitsiyalarni faol jalb qilib, zamonaviy korxonalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.