TOShKENT, 15-may — Sputnik. O‘zbekistonda yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Dasturga ko‘ra, xalqaro nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etiladi, Toshkent va Samarqand shaharlarida Olimpiya shaharchalari quriladi.
Eslatib o‘tamiz, navbatdagi XIX yozgi Osiyo o‘yinlari 2022-yil Xanchou shahrida (Xitoy), XX yozgi Osiyo o‘yinlari 2026-yil Nagoya shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, 2030-yil XXI yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi joyi belgilanmaganligi sababli O‘zbekiston da’vogar sifatida Osiyo Olimpiya Kengashiga buyurtma berish imkoni mavjud.