Emomali Rahmon Bojxona va Milliy bank rahbariyatini jazoladi

Tojikiston prezidenti Bojxona xizmati va Milliy bank rahbariyatiga hayfsan intizomiy jazosini e’lon qildi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may – Sputnik. Kuni kecha Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bojxona xizmati va milliy bank rahbariyatiga hayfsan jazosini e’lon qildi.

Tojikistonda amaldorlarning daromadi tekshiriladi

“Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun talablariga muvofiq o‘z xizmat vazifalarini talab darajasida bajarmagani uchun bojxona xizmati boshlig‘i Karimzoda Xurshedga, bojxona xizmati boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Tursunzoda Azimga, bojxona xizmati boshlig‘i o‘rinbosarlari Xurmatzoda Izzatulloga va Sheralizoda Xurshedga hayfsan e’lon qilinsin”, - deyilgan prezident farmoyishida.

Bundan tashqari, prezident Milliy bank rahbari Jamshid Nurmaxmadzoda va uning o‘rinbosarlari Nuraliyev Jamoliddin, Mashrabzoda Xamidullo Maxmadullo va Lola Salimovaga hayfsan intizomiy jazosini berdi.

O‘tgan haftada Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon moliya, soliq va bojxona xizmati xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Yig‘ilishda Rahmon bojxona xizmati xodimini so‘roq qilib, uning yolg‘onchi ekanligini fosh qildi va ishdan bo‘shatdi.

Tojikiston prezidenti ushbu idoralarda xizmat qiluvchi xodimlar orasida korrupsiya holatlari ko‘payganini ko‘rsatib o‘tdi.

Mazkur yo‘nalishda tartib o‘rnatish yuzasidan mamlakat bosh vaziri Koxir Rusulzodaga topshiriq berildi.

Rahmon bu tizimlarni “elakdan o‘tkazish” kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Amaldorlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzish taklif qilindi. Komissiya xodimlarning daromad deklaratsiyalariga e’tibor qaratadi.

Tojikiston prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi idora, Moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Bojxona xizmati xodimlari o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni yashirmoqda.