TOShKENT, 13-may – Sputnik. Joriy yil 13-may kuni 4-avtobus saroyi tasarrufidagi 38-yo‘nalishda qatnovchi saroy raqami 37 bo‘lgan “Mersedes-bens” rusumli avtobusda noxush voqea yuz berdi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, yo‘lovchi yigit hech bir sababsiz salon ichida to‘siq maqsadida o‘rnatilgan oynani sindirib, avtobusdan tushib qochib ketgan.
Boshqa yo‘lovchilarning guvohlik berishicha atrofdagilarga hech qanday zarar yetmagan. Ammo yigitning o‘zi jarohat olgan.
Ushbu voqea yuzasidan ichki ishlar organiga xabar berilgan.
“Yuz berayotgan ana shunday holatlarni inobatga olib, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati barcha yo‘lovchilar va shahrimiz mehmonlaridan jamoat transportlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni, uni asrab-avaylab, ko‘p yillar xalqimizga soz holda xizmat qilishiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini yana bir karra so‘rab qoladi”, - deyiladi xabarda.