Faqat maxsus korxonalarda so‘yilgan hayvonlar go‘shti savdoga chiqariladi - yangi qonun

2019 - 2021-yilllar davomida O‘zo‘bekistonning barcha hududlarida ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalari tashkil etiladi. 
Sputnik

TOShKENT, 11-may – Sputnik. O‘zbekiston Hukumatining 8-may kuni qabul qilingan 386-sonli qaroriga asosan, hayvonot olamiga mansub mahsulot va xomasholarni ishlab chiqarish, saqlash va sotish bo‘yicha yangi veterinariya-sanitariya norma va qoidalari tasdiqlandi.

Yangi qonunga ko‘ra, tijorat maqsadlarida hayvonlarni faqat ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalarida so‘yishga ruxsat berilgan.

“Hayvonlarni, tijorat maqsadlari uchun ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida so‘ydirish majburiydir. Ruxsat etilmagan joylarda, shu jumladan uy sharoitida hayvonlarni tijorat maqsadlarida so‘yish  qat’iyan ta’qiqlanadi”, - deyilgan qaror matnida.

Shuningdek, yangi qonunga ko‘ra, quyidagi holatlarda go‘sht mahsulotlarini sotishga ruxsat berilmaydi:

  • so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilmagan bo‘lsa;
  • belgilanmagan transport vositalarida yetkazib berilgan bo‘lsa;
  • veterinariya hujjatlari bo‘lmasa;
  • ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonasining F-200 shakldagi ma’lumotnomasi bo‘lmasa;
  • veterinariya-sanitariya ekspertizasining xulosasi bo‘lmasa;
  • oyoqlari va bosh qismi jun bilan birga bo‘lsa, parrandalarning patlari yulinmagan bo‘lsa;
  • xona yoki ko‘cha haroratida ilgakka osilgan yoki yerga (ochiq rasta ustiga) ochiq holda qo‘yilgan bo‘lsa;
  • veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron bazasiga kiritilmagan bo‘lsa.

Undan tashqari

Transport. Yangi qonunda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tashish uchun mo‘ljallangan transportlar poli, idishlari silliq va mahsulot xususiyatlariga hamda sog‘liqqa ta’sir qilmaydigan materiallardan tayyorlangan bo‘lishi, tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay bo‘lishi kerakligi ta’kidlagan.

Hayvon so‘yish va aholiga go‘sht yetkazib berishga doir hukumat qarori loyihasi tayyorlandi

Sut. Sutning harorati qayta ishlash joyigacha tashish paytida va qayta ishlash boshlanishigacha 8°S bo‘lishi kerak.Sut sisternalari har safar sutdan bo‘shatilganidan so‘ng yuvilishi va dezinfeksiyalanishi lozim.

Baliq. Baliq ishlab chiqarish obyektlarida suv o‘tkazmaydigan, tozalash, dezinfeksiya qilish, suv oqib chiqishi uchun qulay pol qoplamalari, suv oqib chiqishini ta’minlovchi qurilmalar bo‘lishi shart. Baliqchilik mahsulotlari toza sovutilgan suvda kema bortida uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatda saqlanadi.

Ixtisoslashgan so‘yish korxonlari 2019-2021 yillarda bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Go‘sht va sut mahsulotlarini saqlash, tashish va sotishga qo‘yiladigan talablarning to‘liq ro‘yxati bilan lex.uz saytidja joylashtirilgan qaror matni bilan to‘liq tanishish mumkin.