TOShKENT, 5-may — Sputnik. Moskvadagi “Sheremetevo” aeroportida Murmansk shahriga ketayotgan Sukhoi Superjet 100 yo‘lovchi samolyoti favqulodda qo‘nishni amalga oshirayotgan vaqtda yonib ketdi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Xabarda aytilishicha, Moskvadan Murmanskka parvoz qilayotgan Sukhoi Superjet 100 yo‘lovchi samolyoti Sheremetyevo aeroportiga qaytishiga to‘g‘ri kelgan.
"Aeroflot"ga qarashli samolyot havoga ko‘tarilgandan birozdan keyin qo‘nishga ruxsat so‘ragan. Bunga samolyot qanotining yonayotgani sabab bo‘lgan.
Layner aeroportdan Moskva vaqti bilan 18:00da uchgan, so‘ngra Moskva viloyati ustida bir necha marta aylanib, keyin keskin pasaya boshlagan.
Samolyot 18:40da qo‘nishni amalga oshirgan.
Yong‘in qo‘ngan samolyotni qamrab olgan, yo‘lovchilar havo kemasini shoshgancha tark eta boshlashgan.
Tergov qo‘mitasida ma’lum qilinishicha, voqea oqibatida 13 kishi, shulardan 2 nafar bola halok bo‘lgan, 6 kishi jarohat olgan. Yo‘lovchilarning bir qismi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Voqea joyiga kamida 10 ta tez tibbiy yordam mashinasi yo‘naltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda 73 yo‘lovchi va 5 kishidan iborat ekipaj bo‘lgan.
Ayni vaqtda yong‘in o‘chirilgan.
Tergov qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.