"O‘zbekiston temir yo‘llari" Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy ofat bo‘yicha bayonot berdi

Ta’kidlanishicha, mazkur holatda hech kim jabrlanmagan. Barcha buyum va hujjatlar o‘z egalariga yetkazilgan.
Sputnik

TOShKENT, 3-may - Sputnik. 2019-yil 30-aprel kuni soat 21:25 da "Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on" temir yo‘lining Oqrabot – Chashmaihofizon temir yo‘l uchastkasining 103 kilometrida (Oqrabot stansiyasidan 8 kilometr uzoqlikda) poyezd harakatining o‘ng tomonida yer ko‘chkisi sodir bo‘ldi, deb xabar qildi "O‘zbekiston temir yo‘llari".

Qozog‘istonda yo‘lovchi poyezd izidan chiqib ketdi

Yer ko‘chkisi paytida ushbu uchastkadan №081-sonli Sariosiyo – Toshkent yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdi harakatlanayotgan edi. Ko‘chki oqibatida poyezdning 3 ta vagoni harakatdan to‘xtadi. Mazkur poyezd ishchi-xodimlari (brigadasi) tomonidan o‘z vaqtida amalga oshirilgan tezkor sa’y-harakat tufayli barcha yo‘lovchilar poyezdning qolgan vagonlariga ko‘chirildi va joylashtirildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur holatda hech kim jabrlanmagan. Barcha buyum va hujjatlar o‘z egalariga yetkazilgan.

Soat 22:10 da №081-sonli poyezd "Dehqonobod" stansiyasiga yetib kelgan va u yerda yo‘lovchi poyezdi to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan, shuningdek, yo‘lovchilarni joylashtirish maqsadida qo‘shimcha ikkita vagon ulangan. Sariosiyo – Toshkent yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdi o‘z manziliga yetib borgan.

Hozirgi vaqtda shikastlangan temir yo‘lning ustki qismi va po‘lat izlari to‘liq tiklangan. Yuk tashish va yo‘lovchi poyezdlarning harakatlanishi belgilangan tartibda yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘chki sodir bo‘lgan hudud ”O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xodimlari tomonidan nazoratga olingan.

Ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan fotosuratlarda po‘lat izlarining qayta tiklash jarayoni aks ettirilgan.