Lavrov: RF va O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyalari juda o‘xshash

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkentga uyushtirgan ishchi tashrifi davomida o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Kamilov bilan uchrashdi
Sputnik

TOShKENT, 2-may - Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Sergey Lavrov o‘zbekistonlik hamkasbi bilan Afg‘onistondagi holatni barqarorlashtirish bo‘yicha ikki davlatning keyingi qadamlarini belgilab oldi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Lavrov Toshkentda: Rossiya TIV rahbari o‘zbekona mehmondo‘stlik uchun rahmat aytdi

Vazir so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlarni, shu jumladan, "Afg‘oniston hududidan kelayotgan terroristik va narkotahdidlarni bartaraf etish" masalasini muhokama qilgan.

"Bu borada pozitsiyalarimiz juda o‘xshash, ikkiyoqlama hamda mavjud ko‘ptomonlama mexanizmlar bo‘yicha Afg‘onistondagi vaziyatni bu mamlakatni stabil holatga keltirish va Afg‘oniston hududidan Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimiz hamda boshqa mamlakatlarga boshqa hech qanday tahdidlar bo‘lmasligi uchun kelgusida amalga oshiradigan ishlar rejasini belgilab oldik", - dedi Lavrov.

Shuningdek, RF TIV rahbari jurnalistlarga, respublikada RF ishtirokida qurilishi kutilayotgan atom elektrstansiyasi barpo etiladigan maydon allaqachon aniqlab olingani, tez orada ushbu loyihani hayotga tatbiq etish bo‘yicha mutaxassislar maslahatlashuvi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Sergey Lavrov Toshkentga ishchi tashrif bilan 2-may kuni keldi. Tashrif dasturidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv ham o‘rin olgan.