O‘zbekiston-Belarus hamkorligining yangi yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi

Mirziyoyev Pekin shahrida Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Sputnik

TOShKENT, 25 apr – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda Belarus prezidentining O‘zbekistonga o‘tgan yilgi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani, ularni sifat jihatidan yanada yuqori darajaga olib chiqqani va amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston Belarus bilan harbiy kadrlarni tayyorlashda hamkorlikni kuchaytiradi

Shuningdek, uchrashuvda ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil ko‘rib chiqilgan. Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi jadal ortayotganini mamnuniyat bilan qayd etganlar.

Belarusning "Amkodor", "MAZ", "MTZ" va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda sanoatning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda o‘zaro savdoni kengaytirish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, turizm sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston va Belarus AES sohasida hamkorlikni muhokama qildi

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha ham fikr almashildi.  

Uchrashuv yakunida ikki davlat rahbari sheriklikning yangi yo‘nalishlarini samarali rivojlantirish maqsadida turli darajadagi muloqotni faol davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumidagi ishtiroki doirasida Huawei kompaniyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga tashrif buyurgani haqida xabar qilgan edik.