Bosh prokuratura: departamentning soxta xodimlari qo‘lga tushdi

Prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 25 apr – Sputnik. Departamentning soxta xodimlari ushlandi, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan fuqaroni qutqarish uchun vertolot chaqirildi

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi va Yuqorichirchiq tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan hamkorlikda “A.B.” MChJ ish boshqaruvchisi M.M.ning arizasiga asosan tezkor tadbir o‘tkazildi.

“Aslida “K.I.” MChJda haydovchi bo‘lib ishlovchi fuqaro R.N. “M” kafesiga ovqatlanish maqsadida kirib, taomlarni sifatidan noroziligi va kafega kelgan mijozlarga NKM cheki berilmayotganligini vaj qilib, o‘zini “Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimi Rustam” deb tanishtirib, g‘aznada turgan NKM apparati va kafega tegishli bo‘lgan tibbiy daftarchani olib qo‘yib, ushbu holatlar yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik evaziga firibgarlik yo‘li bilan o‘zining jinoiy sherigi, hech qayerda ishlamaydigan fuqaro A.R. orqali 1 mln. so‘m olgan vaqtida Departament organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan”, - deyilgan xabarda.  

Mazkur holat yuzasidan R.N. va A.R.larga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

“Agarda yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz yoki Sizga noma’lum shaxslar o‘zini Departament xodimi deya tanishtirib, ta’magirlik qilayotgan bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qisqa raqamli 10-07 yoki Departamentning 71-233-10-07 raqamli tunu-kun ishlovchi ishonch telefonlariga murojaat etishingizni so‘raymiz”, - deb qo‘shimcha qilingan xabarda.