Rossiyada yangi qabul qilingan qonun Internetni qanday himoya qiladi ?

Yangi qonun Rossiya "Internetdan o‘chirilganda", Runet mustaqil ishlashda davom etishi uchun asos yaratadi. Masalan, .ru milliy domeni o‘chirilganda .rf domeni ishlashda davom etadi.
Sputnik

TOShKENT, 22 apr - Sputnik. Rossiya Federatsiya Kengashi Runetni mustaqil va barqaror ishlashga qaratilgan qonun qabul qildi.

Internet va axborot xavfsizligi: O‘zbekistonda yana bir davlat inspeksiyasi tashkil etildi

Senatorlar Andrey Klishas, Lyudmila Bokova va deputat Andrey Lugovoy tomonidan ishlab chiqilgan qonunga asosan Internetning Rossiyaga taaluqli qismi (Runet) mustaqil va barqaror ishlashi uchun barcha kerakli infratuzilma yaratiladi.

Birinchidan - marshrutizatsiya, ya’ni traffikni yo‘naltirish. Rossiya foydalanuvchilariga xorijiy serverlarga ulanish imkoniyati cheklansa, Roskomnadzor traffikni markazlashgan tartibda zahira serverlariga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.

Buning uchun aloqa operatorlari va internet provayderlar oldindan tayyorlangan traffik almashish nuqtalari haqida xabardor qilinadi. Traffik almashish nuqtalari Aloqa vazirligi va Federal Xavfsizlik xizmati tomonidan nazorat qilinadi.

Internet foydalanuvchilarining shaxsi telefon raqami orqali aniqlanadi

Ikkinchidan, aloqa operatorlari traffik manbaini aniqlaydigan uskunalar o‘rnatib, ta’qiqlangan ma’lumot tarqatilayotgan manbaalarga kirishni cheklashga majbur bo‘ladi.

Uchinchidan, barcha davlat organlari va unitar korxonalar fuqarolar bilan yoki o‘zaro aloqa qilganda Rossiyada ishlab chiqilgan shifrlash vositalaridan foydalanga majbur bo‘ladi.

To‘rtinchidan, Internet ishlashiga xavf tug‘ilganda, barcha muhim internet xizmatlari zahira serverlarda ishlashni davom ettirishi yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi navbatda bu bank xizmatlari, davlat markaziy va munitsipal xizmatlaridir.

Beshinchidan, barcha muhim internet xizmatlar, saytlar milliy domen nomlari (DNS) tizimiga ulanadi. Shunday qilib, xorijda joylashgan .ru milliy domeni o‘chirilganda -  .rf domeni ishlashda davom etadi.

O‘tgan yil davomida 360 nafar Internet-terrorchilar qo‘lga olindi - Sisoyev

Qonun mualliflaridan biri, senator Andrey Klishas aytishiga qaraganda, yangi qonun AQSh 2018-sentabrda qabul qilgan agressiv xarakterli “AQSh Milliy kiberxavfsizlik strategiyasi”ga qarshi ishlab chiqilgan.

Xitoy Internetiga o‘xshashmi?

Ko‘pchillik Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonunni Xitoyda qabul qilingan internetni nazorat qilish tizimiga o‘xshatdi, lekin Roskomnadzor rahbari ushbu fikrga qo‘shilmaydi.

Aleksandr Jarov aytishiga qaraganda Xitoy Interneti “Oq ro‘yxat” asosida ishlaydi. Ya’ni faqat ruxsat berilgan saytlarga kirish mumkin, qolgan barcha saytlar blok qilinadi.

Rossiyada halol ishlayotgan internet manbaalarining "Oq ro‘yxati" tuziladi

Rossiyada esa, boshidan barcha saytlarga kirish ruxsat berilgan, faqat qonun asosida ta’qiqlangan va “Qora ro‘yxatga” kiritilgan saytlar bloklanadi.

Jarov aytishiga qaraganda, yangi qonun Rossiyaga Internetni turli xavflardan himoya qilish imkonini beradi. Masalan, axborot dastlab qayerda paydo bo‘lib, qaysi serverlar orqali harakatlanayotganini nazorat qilish, DDoS hujumlar uyushtirilsa, ular qayerdan amalga oshirilayotganini ko‘rish imkonini beradi.

Yangi qonun 2019-yilning 1-noyabridan kuchga kiradi. Mahalliy operatorlarga esa 2021-yilning 1-yanvariga qadar kerakli infratuzilmani tayyorlash imkoni beriladi.