TOShKENT, 21 apr – Sputnik. Tailandda bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida 2 nafar o‘zbekistonlik bokschilar - Shukurjon Rahimov va Bobo-Usmon Baturovlar chorak finalga chiqdi, deb xabar qilmoqda Olimpiya qo‘mitasi.
Tailandda davom etayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida chorak finalga yo‘llanma olgan yana bir vakilimiz ma’lum bo‘ldi. Biroz avval 60 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Shukurjon Rahimov chorak final ishtirokchisiga aylandi. Rahimov ikkinchi davrada yamanlik Ahmad Hussaynga qarshi bahs olib bordi. Uning raqib ustidan to‘liq ustunligida o‘tgan jang yakunda hakamlarning ballarida ham e’tirof etildi.
Biroz avval 69 kilogram vazn toifasida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Bobo-Usmon Baturov ham ikkinchi jangini g‘alaba bilan yakunlagan edi. U eronlik bokschi Sajjar Kazemzadaposhtiri bilan to‘qnash kelib, raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Eslatib o‘tamiz, Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov ham Bankokdagi chempionatda o‘zining birinchi jangini g‘alaba bilan boshladi. Do‘stmatov 52 kilogramm vazn toifasida butanlik Tensin Drugyelidan ancha ustun ekanligini namoyish qildi.