XTV: “O‘qituvchi o‘quvchini bir necha bor turtgan, lekin urmagan”

Xalq ta’limi vazirligi Shayxontohur tumanidagi 141-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida chiqqan nizo bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Sputnik

TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi Shayxontohur tumanidagi 141-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida chiqqan nizo bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar qildi.

Xabarda yozilishicha, joriy yilning 18-aprel kuni 141-umumiy o‘rta ta’lim maktabida jamoatchilik ishtirokida Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani idoralararo komissiyasi sayyor majlisi o‘tkazilgan va mazkur ish ko‘rib chiqilgan.

Komissiya qaroriga ko‘ra, o‘quvchining ota-onasi O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga asosan jarimaga tortildi.

Toshkentda direktor qarindoshi o‘quvchilarni ayovsiz kaltaklagani haqidagi xabarga izoh berildi

Mazkur moddaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, o‘qituvchi  mazkur vaziyatdan so‘ng ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Ammo sinfning boshqa o‘quvchilari o‘qituvchi haqida ijobiy fikr bildirganlar va o‘qituvchining arizasi inobatga olinmagan. O‘qituvchi ushbu maktabda o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Avvalroq ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanidagi 141-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi o‘quvchisiga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlar sodir etganligi haqidagi videolavha e’lon qilindi.

XTVning ma’lum qilishicha, mazkur holat o‘rganilganda, o‘quvchi dars jarayoniga xalaqit bergani ma’lum bo‘lgan. O‘qituvchining tanbehiga qaramay, u baland ovozda gapirib, darsga xalaqit bergan.

“O‘quvchining qo‘li kikboks sport to‘garagida lat yegani sababli gipsda bo‘lgan. O‘qituvchi o‘quvchiga “O‘ng qo‘l bilan yozsang bo‘ladi-ku”, deganida, bola pedagogni haqorat qilgan. Bu gaplarni ko‘tara olmagan o‘qituvchi o‘quvchini bir necha bor turtgan, lekin urmagan”, - deyiladi rasmiy bayonotda.

Xabarda ushbu jarayonni shu sinf o‘quvchisi uyali telefoniga tasvirga olib, sinfdoshlariga Telegram messenjeri orqali yuborgani qayd etilgan.

Shuningdek, 2018-yilning 13-yanvarida o‘quvchi maktabning ichki tartib qoidalariga rioya qilmaganligi, tengdoshlari bilan o‘zaro kelishmovchiligi hamda pedagog xodimlarga nisbatan qo‘pol munosabati sababli ta’lim muassasasi ichki ro‘yxatiga olingan. Maktab ma’muriyati, sinf rahbari, psixolog hamda profilaktika noziri tomonidan tushuntirish hamda profilaktik ishlar olib borilganligi natijasida o‘quvchi ijobiy tomonga o‘zgargan. 2018-yil 17-mayda maktabning ichki nazoratidan chiqarilgan.