Allamjonov YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili bayonotiga munosabat bildirdi

Avvalroq YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili Aarlem Dezir O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarini blokirovka qilinishidan tashvishda ekanligini bildirgan.
Sputnik

TOShKENT, 18 apr – Sputnik. O‘zbekiston  Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov YeXHT OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Aarlem Dezirning bayonotiga rasmiy munosabat bildirdi.

Allamjonov rahbarligidagi O‘zMAA PR-markazga aylantiriladi

Avvalroq YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili Aarlem Dezir O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarini blokirovka qilinishidan tashvishda ekanligini bildirib, mahalliy hukumatni ularni blokirovka qilishni to‘xtatishga chaqirgan edi.

Allamjonov  agentlik so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, OAV va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, jurnalistlar mavqeyi va davlat organlari ochiqlik darajasini oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini ta’kidlagan.

“Agentlik YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili A. Dezirning bayonotini bilan tanishib chiqdi va ayrim yangiliklar veb-resurslariga kirish muammolari borasidagi faktlarni diqqat bilan o‘rganib chiqadi”, - deyiladi Facebook᾽dagi rasmiy bayonotda.

U Agentlik YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili bilan har qanday masalada muloqot qilishga va axborot sohasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga doimo tayyor ekanligini qo‘shimcha qilgan.