O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasi demarkatsiyasi bo‘yicha hujjatlar loyihasi tayyorlandi

Samarqandda O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasi demarkatsiyasining tashkiliy-huquqiy masalalarini kelishish yuzasidan ikki davlat delegatsiyalarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 17 apr – Sputnik. Joriy yilning 11-17-aprel kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasi demarkatsiyasining tashkiliy-huquqiy masalalarini kelishish yuzasidan O‘zbekiston va Tojikiston delegatsiyalarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston va Tojikiston chegarani belgilashga doir huquqiy hujjat imzolashdi

Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasi demarkatsiyasi bo‘yicha normativ-texnik hujjatlar loyihalari tayyorlangan hamda dala ishlari reja-grafigi kelishilgan.

“Tadbir yakunlariga ko‘ra Protokol imzolandi. Ikki mamlakat delegatsiyalarining navbatdagi majlisi may oyining ikkinchi o‘n kunligida Tojikiston hududida bo‘lib o‘tadi”, - deyiladi xabarda.

Vazirlik xabarida uchrashuv do‘stlik va hamjihatlik ruhida o‘tgani ta’kidlangan.

O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegarasi uzunligi 1,330 kilometrdan ortiq. Bugungi kun holatida  ushbu chegara chizig‘ining 20% demarkatsiya qilinmagan holda qolmoqda.