Boliviya go‘zali g‘oliblik unvonidan mahrum bo‘ldi - foto

Boliviya go‘zali Joys Prado g‘oliblik unvonidan mahrum etildi.
Sputnik

TOShKENT, 17 apr – Sputnik. “Miss Boliviya-2018” go‘zallik tanlovi g‘olibasi Joys Prado homiladorligi uchun unvonidan mahrum etildi, deb xabar qildi Newshub.

Tanlov tashkilotchilari aytishicha, Joys shartnoma shartlarini buzgan. Shartlarga ko‘ra, tanlov g‘olibasi turmushga chiqmasligi va homilador bo‘lmasligi kerak.

“Men dunyoda eng baxtli ayolman, chunki mening hayotim muhabbatga to‘lgan. Bizda hayotining eng ajoyib davri boshlanmoqda”, - deb yozgan Joys Instagramda.

Eslatib o‘tamiz, "Moskva go‘zali-2018" tanlov g‘olibasi Alesya Semerenko ham unvon va tojdan mahrum qilingandi. 

Tanlov tashkilotchilari go‘zalni unvondan mahrum qilish sabablariga izoh berar ekanlar, Semerenko shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajarmagani va tanlov g‘olibasi uchun majburiy bo‘lgan tadbirlarda umuman ko‘rinish bermaganini aytishgan edi.

Bundan tashqari, “Ukraina go‘zali – 2018” g‘olibi Veronika Didusenko ham tanlov qoidalarini buzganligi uchun unvondan mahrum etilgandi.

Tanlov qatnashchilar turmushga chiqmagan va farzandi bo‘lmasligi kerak. Ukraina go‘zali o‘zi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarni bergan.