Sergelida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar uchun markaz ochildi

Markaz zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish maqsadida tashkil etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 15 apr – Sputnik. Toshkent shahrida yana bir ayollarni reabilitatsiya qilish markazining Sergeli-Yakkasaroy tumanlararo bo‘linmasi ochildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Reabilitatsiya markazida ayollar ruhshunos, ijtimoiy soha mutaxassislari hamda huquqshunos yordamini olishlari mumkin.

O‘zbekistonda zo‘rlikdan jabr ko‘rgan ayollar uchun moslashtirish markazlari soni 155 tadan oshdi

Bugunga qadar shu kabi reabilitatsiya markazlarining Shayxontohur-Olmazor, Bektemir-Mirobod-Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek-Yunusobod tumanlararo bo‘linmalari tashkil etilgan edi. Endilikda Uchtepa-Chilonzor tumanlararo bo‘linmasini ham tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu markaz zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish maqsadida tashkil etilmoqda.

Og‘ir ahvolda qolgan ayollarga yordam berish maqsadida Respublika doirasida yagona qisqa raqamli “1146” "ishonch telefoni" ishga tushirilgan. Murojaatchining shaxsi va murojaati sir saqlanishi kafolatlanadi.

Shuningdek, shelterlar joylashgan aniq manzillar ayollarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida sir tutiladi.