Milliy gvardiya xodimlarining xizmat o‘tash tartibiga doir qaror loyihasi tayyorlandi

Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom va Intizom ustavi tayyorlandi.
Sputnik

TOShKENT, 15 apr – Sputnik.  “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari bilan ishlash va ularning xizmat o‘tashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi tayyorlandi.

O‘zbekiston Milliy gvardiya vakillari Rossiyaga keldi

Qaror loyihasiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining Intizom ustavi ilova qilingan.

“Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining o‘rinbosarlari va boshqarma boshliqlari:

a) har chorakda joylarga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining bo‘linmalari, xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida bataloni, o‘quv markazlari (Farg‘ona va Jizzax viloyatlari), nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘linmalari rahbarlarining aniq erishilgan natijalarini ko‘rsatgan holda boshqaruv qarorlari ijrosining amalga oshirilishi haqidagi shaxsiy hisobotlarini kengaytirilgan majlislarda tinglaydi;

b) har yarim yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hay’atida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek xizmat o‘tashni, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar talablarni inobatga olgan holda qilingan ishlar yuzasidan shaxsan hisobot beradi. Bunda quyidagilar bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi nazarda tutiladi:

tashabbus ko‘rsatmaydigan va mas’uliyatsiz rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash;

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining ijobiy ish tajribasini tatbiq etish va qo‘llash”, - deyilgan hujjat loyihasida.

Hujjatda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faxriy xodimi” idoraviy ko‘krak nishoni ta’sis etish haqidagi taklifi ma’qullash belgilangan.

Shu bilan birga, Milliy gvardiyasi xodimlari Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalari kunduzgi, sirtqi ta’lim shaklida, kasbiy tayyorgarlik fakultetida, rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslar)da Milliy gvardiya qo‘mondoni va Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi.