“O‘zbekenergo”da haftaning har chorshanba kuni “investitsiya kuni” deb e’lon qilindi

Haftaning har chorshanba kunida "O‘zbekenergo" rahbariyati elektr energiyasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lgan investorlar bilan shaxsan uchrashuv o‘tkaziladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 apr – Sputnik. “O‘zbekenergo”da haftaning har chorshanba kuni “investitsiya kuni” deb e’lon qilindi.

Prezident qarori bilan “O‘zbekenergo” uchta tashkilotga bo‘lindi

 “Elektr energiyasi sohasida chet ellik investorlarni hamkorlik shartlari bilan yaqindan tanishtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida ishlarni muvofiqlashtirish, investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish, salohiyatli  investorlarni aniqlash va mavjud muammolarni hal qilish maqsadida “O‘zbekenergo”AJda haftaning har chorshanba kuni “Investitsiya kuni”  deb e’lon qilindi,” – deydi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati Boshkaruvi raisi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov.

“O‘zbekenergo”  vakilining so‘zlariga ko‘ra, haftaning har chorshanba kunida jamiyat rahbariyati elektr energiyasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lgan investorlar bilan shaxsan uchrashishga, sohaga yo‘naltirilayotgan kapital qo‘yilmalarning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi yakunida prezident qarori bilan “O‘zbekenergo” uchta tashkilotga bo‘lindi.

 "O‘zbekenergo" samaradorligini oshirish maqsadida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va joylarda taqsimlovchi alohida korxonalarga bo‘lindi.

“O‘zbekenergo” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning sohaga oid bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlari va ulushlari 2019—2021 yillar davomida belgilangan tartibda sotish maqsadida balans qiymati bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beriladi.