Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi FVV tizimiga o‘tkazildi

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish Milliy markazi hamda hududiy tezkor boshqaruv markazlari tashkil etilib, ularga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida monitoring va prognozlash vakolatlari berilgan.
Sputnik

TOShKENT, 11 apr – Sputnik. O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va Mudofaa vazirligining Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati FVV tizimiga o‘tkazildi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifatli yangicha tizimini tadbiq etish to‘g‘risida” gi farmon va “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan

Yong‘in xavfsizligi xizmati FVV ixtiyoriga o‘tkaziladi

FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, qabul qilingan qarorlarga asosan FVV tizimiga:

- IIVdan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari hamda Yong‘in xavfsizligi instituti.

- Mudofaa vazirligidan — Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati berilib,

- Gidrometeorologiya xizmati markazi FVV tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilgan.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish Milliy markazi hamda hududiy tezkor boshqaruv markazlari tashkil etilib, ularga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida monitoring va prognozlash vakolatlari berilgan.

Mirziyoyev FVV tizimi samaradorligini oshirish haqidagi farmonni imzoladi

Bundan tashqari, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tarkibida hayotiy faoliyat xavfsizligi markazlari tashkil qilinib, ushbu markazlarda aholini turli xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash, fuqarolar sog‘ligi va hayotiga xavf tug‘diruvchi omillar bo‘yicha ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tadbirlarning o‘tkazilishi belgilangan.

Qayd etilgan hujjatlarda belgilangan vazifalar, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirishga, ushbu sohada monitoring va prognozlash ishlarini yaxshilashga hamda yong‘inlar va favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavflar va tahdidlarni barvaqt aniqlashga xizmat qiladi.