TOShKENT, 11 apr — Sputnik. GM Uzbekistan AJni joriy yilning 10-aprel kunidagi axboroti yuzasidan O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rasmiy bayonot berdi.
Xabarda yozilishicha, O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi iste’molchilarning murojaatlariga asosan 2018-yilning noyabr oyidan boshlab, realizatsiya qilingan avtomashinalar komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar holatlari aniqlash bilan shug‘ullanishni boshlagan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi ustidan alohida nazorat o‘rnatgan. Hozirda ushbu holat jiddiy o‘rganib chiqilmoqda va bugungi kunga kelib, yetishmovchiliklari mavjud 90 foiz avtomobillarda ushbu holat bartaraf etilgan.
Shu bilan birga, bayonotda yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha monopol mavqega ega kompaniyaning tutgan pozitsiyasi, uning korporativ madaniyati va qadriyatlariga nisbatan bir qancha savollarni yuzaga keltirgani ta’kidlangan.
Ma’lumki, avtomobil ishlab chiqarish industriyasida faoliyat yuritayotgan global kompaniyalar odatda kamchiliklar aniqlanganda sotuvga chiqarilgan avtomobillarni ommaviy tarzda qaytarib oladilar va zudlik bilan nuqsonlarni bartaraf etadilar. Eng asosiysi, ularning biznes yuritish an’analariga ko‘ra ular iste’molchilar va mijozlardan oshkora ommaviy tarzda uzr so‘raydilar (misol uchun, Toyota, Volkswagen va boshqa kompaniyalar). Bu esa, ushbu kompaniyalarda yuqori korporativ madaniyat, biznes-etikasi va ijtimoiy javobgarlik standartlari joriy etilganligidan dalolat beradi, deyiladi rasmiy bayonotda
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi GM Uzbekistan AJni xatti-harakatlarida quyidagini kuzatish mumkinligi qo‘shimcha qilgan.
Xususan, komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar mavjud bo‘lgan avtomashinalar ommaviy tarzda qaytarib olinmagan yoki yetishmovchilik to‘g‘risida tegishli tartibda e’lon qilinmagan, ushbu vaziyat bo‘yicha ko‘p holatlarda iste’molchilarga tegishli tarzda ma’lumotlar berilmagan, ularni bartaraf etish uchun qulayliklar yaratilmagan, masalan, Toshkent viloyatining Bekobod (uzoqlik – 150 km), Bo‘ka (80 km.), Chirchiq shaharlarida (100 km) avtomobil xarid qilgan iste’molchilar tumanga qarshi yoritgich o‘rnatish uchun Chinoz tumaniga kelishga majbur bo‘lganlar, kamchilikni bartaraf etish muddatlari cho‘zib yuborilgan, alohida holatlarda 2018-yilning oktabr oyida sotib olingan avtomobillarga bugungi kunga (6 oy o‘tgan) qadar komplektatsiyani butlash ishi amalga oshirilmagan.
“Yuqorida keltirilgan holatlar, bozorda muayan xo‘jalik yurituvchining monopol mavqeyi vujudga kelishi uning iste’molchilar oldidagi ma’suliyati pasayishini keltirib chiqarishiga yana bir bor dalil bo‘lmoqda”, - deyiladi xabarda.