TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In Markaziy Osiyoning uchta mamlakati bo‘ylab safari doirasida 18−21 aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
“O‘zbekistonda Mun Chje In prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash va ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari masalalarini muhokama qiladi”, - deyiladi xabarda.
Koreya Respublikasi prezidenti matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 16−18 aprel kunlari u Turkmanistonga tashrif buyurib, prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va boshqa rasmiy shaxslar bilan hamkorlikni kengaytirish borasida muzokaralar olib boradi. Shuningdek, u 21-23 aprel kunlari Qozog‘istonga tashrif buyurishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil noyabrida Janubiy Koreyaga safar uyushtirgan edi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya energetika, neftgazkimyo, bank-moliya sohasida hamda qurilish va infratuzilmani rivojlantirish sohasida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.