Shayxontohur tumani soliqchilari yoppasiga ishdan bo‘shatilmagan – DSQ

Toshkentda Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari soliq inspeksiyalari boshliqlari lavozimidan ozod qilingan.  
Sputnik

TOShKENT, 7 apr – Sputnik. Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ishdan bo‘shatilmadi, deb xabar qildi Davlat Soliq qo‘mitasi.

Biroz oldin ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasining shaxsiy tarkibi yoppasiga ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan edi. DSQ matbuot xizmati ushbu xabarlarni rad etdi va quyidagilarni ma’lum qildi.  

“Ayni paytda faqatgina Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari lavozimidan ozod etilgan. Boshqa xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida hech qanday buyruq qabul qilinmagan”, - deyilgan xabarda.

Bugungi kunda maxsus ishchi komissiya Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining lavozimga layoqatliligini o‘rganmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra, batafsil axborot beriladi, - deyilgan Soliq inspeksiyasi xabarida.

Soliq qo‘mitasi ta’magirlik holatlari haqida xabar berishni so‘radi

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev tomonidan 4-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahridagi qator tumanlar davlat soliq inspeksiyalari shaxsiy tarkibini yangilash haqida topshiriq bergan edi.

Ushbu holat yuzasidan, Davlat soliq qo‘mitasi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari inspeksiyalari boshliqlarining o‘z lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risidagi Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i e’lon qilindi.

Undan tashqari Toshkent shahri davlat soliq xizmati organlarining shaxsiy tarkibi faoliyatini zudlik bilan ko‘rib chiqish, ularning lavozimga layoqatliligini baholash bo‘yicha maxsus ishchi komissiyasi tuzilgan. Ushbu ishchi komissiya zimmasiga zamonaviy dunyoqarashga ega, o‘z ishiga mas’uliyatli yosh mutaxassislarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.