TOShKENT, 7 apr – Sputnik. Dunyoning neft va dollarga asoslangan moliya tizimi bir kunda qulashi mumkin, deb yozmoqda Britaniyaning “Reyter” agentligi.
Xabarda aytilishiga, Ar-Riyodda OPEK mamlakatlarining mansabdor shaxslari Vashingtonga nisbatan o‘ta keskin choralar qabul qilishi mumkinligini aytishmoqda. Xususan, bir necha yildan beri dunyo moliya tizimining ustuni bo‘lgan neft-dollar tizimidan voz kechishi mumkin. Ya’ni OPEK mamlakatlari neftni dollardan boshqa valyutalar evaziga sotishni boshlashi mumkin.
“Bunday bo‘lish ehtimoli juda kam, lekin saudiyaliklar rostdan ham dollardan voz kechsa, bu uning asosiy dunyo valyutasi maqomini bekor qiladi va Vashingtonning dunyo savdosiga bo‘lgan ta’sirini va alohida mamlakatlarga nisbatan sanksiyalar kiritish imkoniyatini kamaytiradi. Saudiyaliklar, ularning qo‘lida shunday “yadroviy qurol” borligini yaxshi bilishadi”, - deb yozadi Reuters.
Bunga sabab - o‘tgan haftada bir qator AQSh senatorlari AQSh kongressiga OPECni bekor qilish va “OPEK + Rossiya” ittifoqiga a’zo mamlakatlarga nisbatan choralar ko‘rish, sud orqali ularning mulkini musodara qilish haqidagi qonun loyihasini kiritgan edi.
Gap shundaki, AQSh arab mamlakatlaridan neft qazib olish hajmini oshirish va uning narxini o‘rtacha 30 $gacha tushirishni talab qilmoqda, lekin “OPEK + Rossiya” kelishgan holda neft narxini ishlab chiqarish xarajatlari hamda bozordagi talab va taklif asosida belgilashgan. Bugungi kunda neft xalqaro birjalarda barreliga 70 $dan sotilmoqda.
Vashington va Ar-Riyod 30-yilldan ortiq vaqt davomida hamkorlik qilib kelmoqda. Saudiya Arabistoni neft sotishdan olgan daromadlarining aksariyatini AQShda saqlaydi. Xususan, 1 trillion dollar investitsiya ko‘rinishida va 160 milliard dollar AQSh qimmatli qog‘ozlarida. Dollarga nisbatan Saudiya valyutasi kursi 1986-yildan buyon "muzlatib" qo‘yilgan.