Nazarboyev talon-torojlikda gumonlanayotgan O‘zbekistondagi elchisini ishdan bo‘shatdi

Qozog‘istonlik diplomat davlatga 140 mln tengedan ko‘proq (360 ming dollar atrofida) ziyon yetkazishda gumon qilinmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 18 mar – Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayevni vazifasidan ozod etdi. Bu haqda Oq O‘rda matbuot xizmati xabar qilmoqda.

2018 yilning oktabr oyida Yerik Utembayev davlat mablag‘larini katta miqdorda o‘zlashtirishda gumon qilinayotgani sababli lavozimidan vaqtinchalik chetlashtirilgan edi.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi talon-toroj qilishda gumonlanmoqda

“Utembayev Yerik Miltikbayevich Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimidan ozod etilsin”, - deyiladi farmon matnida.

Darxon Sotiboldi Qozog‘istonning O‘zbekistondagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlandi.

Utembayev Yerik Toshkentda elchi lavozimida faoliyat yuritgan vaqtlarda O‘zbekistonda Qozog‘iston Respublikasi ma’muriy binosini qurish bo‘yicha bajarilgan ishlar bo‘yicha soxta hujjatga imzo chekkan. Uning ushbu noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida yetkazilgan zarar miqdori 140 million tenge (360 ming dollar)dan oshib ketgan.